tgoop.com/oriftolib/1603
Last Update:
“U” bilanmi yoki “i” bilan?
Shovullamoq, guvullamoq, huvullamoq kabi soʻzlarni shovillamoq, guvillamoq, huvillamoq shaklida xato yozish koʻp uchraydi. Shunga oʻxshash soʻzlarda yanglishish hatto lugʻatlarni ham chetlab oʻtmagan.
Eʼtiborlisi, soʻlqillamoq, takillamoq, tapillamoq, tarillamoq, chapillamoq kabi soʻzlarda u oʻrnida i ishlatilgan. Bu yerda u yozish xato. Sezgan boʻlsangiz, bu feʼllar taqlid soʻzlardan hosil boʻlyapti.
Xoʻsh, xato qilmaslik uchun nima qilish kerak? Soʻzlarni birma-bir yodlab chiqish kerakmi? Yoʻq, osongina yoʻli bor. Qoidasini bilib olsangiz boʻldi:
👉 Taqlid soʻzlardan feʼl yasovchi -illa (chirilla, taqilla) qoʻshimchasi soʻz tarkibida v yoki u tovushi boʻlganda -ulla aytiladi va shunday yoziladi: shovulla, lovulla, gurulla kabi.
Ana, boʻldi. Oʻzagida u yoki v qatnashgan, taqlid soʻzdan yasalgan feʼllarni qoʻrqmay -ulla bilan yozavering.
❗️ Faqat bitta holatda istisno bor. Oʻzagida v qatnashgan soʻzda bu tovushdan oldin i kelgan boʻlsa, -ulla emas, -illa yoziladi: jivillamoq, gʻivillamoq, shivillamoq. Bunday soʻzlar oʻzi juda kam – 4–5 ta xolos va tilda koʻp qoʻllanmaydi:
Suv shivillab, qandaydir sirli, vahimali koʻrinish bilan oqadi.
Oybek, “Tanlangan asarlar”.
📌 Demak:
Vovullamoq, gursullamoq, duvullamoq, uvullamoq, xurullamoq, churullamoq, qultullamoq, gʻuvullamoq, jivillamoq ✅
Vovillamoq, gursillamoq, duvillamoq, uvillamoq, xurillamoq, churillamoq, qultillamoq, gʻuvillamoq, juvullamoq ❌
@oriftolib
BY Orif Tolib
Share with your friend now:
tgoop.com/oriftolib/1603