tgoop.com/javokhir_notes/328
Last Update:
Bakalavrni chetda o'qish xato...
Juda ko'p yosh uka-singillarimizning bakalavr bosqichini chetda, top universitetlarda o'qishga harakat qilayotgani va buning ortidan ustilarida tinimsiz ishlashayotganini ko'rish quvonarli. Lekin aynan bakalavrni chetda o'qishning boshqa bosqichlardan ko'ra hisobga olish kerak bo'lgan "narxlari" ko'proq va bu narxlar ba'zida foydalardan ko'ra ancha qimmatroq tushib ketishi mumkin.
— Haftasiga 20 soatdan ortiq ishlash
Agar chetda o'qish haftasiga 20 soatdan ortiq ishlash kerakligini anglatsa, bu juda katta qizil chiroq sifatida qaralishi kerak. Ayniqsa bakalavr davomida odatda o'z sohangizda emas do'kon, restoran yoki boshqa shu kabi minimum oylik beradigan va jismoniy charchatib tashlaydigan joylarda ishlashga majbur bo'lishingizni hisobga olsak. Boshidagi 2-3 oyda til, jamoaviy ish va boshqa ba'zi ko'nikmalaringiz oshsa ham, keyinchalik ular faqatgina ijara to'lovini to'lash vositasiga aylanadi.
Talabalik chinakamiga "oltin davrga" aylanishi uchun esa siz boshlang'ich 2.5-3 yillikni sohangizda maksimum bilim olish va qo'shimcha loyihalar, tadqiqotlar qilib o'tkazishingiz kerak, shunchaki qorningizni to'ydirib va ijarachini boy qilib emas.
— Universitet darslaridan ortolmay qolish
Dunyoning top universitetlarida o'qish - bu juda ko'p vaqtingizni universitet darslariga qaratishga majbur bo'lishingizni ham anglatadi. Lekin shu darajadagi universitetlarda ham dars tarkibi amaliyotdan ortda qolib ketishi doimiy uchrab turadi. Ayniqsa, hozirgi sun'iy intelleket zamonida.
O'qishdan keyin o'z o'rningizni topib ketish uchun esa haftasiga kamida 15-20 soat o'z qiziqqan sohangizni mustaqil o'rganishga yoki loyihalar ustida ishlashga sarflashingiz kerak. Faqatgina universitet darslariga ko'milib qolish esa sizni sanoatda kuchli mutaxassis bo'lishdan to'sib qoladi.
— Chinakam do'st orttira olmaslik
Chetda o'qish davomida butun dunyodan yuzlab tanish orttirganingiz bilan birortasi bilan chinakamiga do'stlasha olmasligingiz mumkin.
Sababi chinakam do'stlik paydo bo'lishi uchun qadriyatlar, qiziqishlar va kelib chiqish mos kelishi birga o'tkazilgan uzoq soatlardan ko'ra muhimroq. Chetdagi tanishlar bilan O'zbekistondagilardan farqli tarzda umumiy muammolar, hazillar va mavzularda birdaniga gaplashib ketish qiyin. Bu esa ular bilan aka-ukalardek do'stlashib ketishni ancha qiyinlashtirishi mumkin.
— Oiladagi o'rningiz shakllanmasligi
Maktab paytida ota-onangiz sizni bola sifatida ko'rishi va ro'zg'or tashvishlaridan uzoqroq tutishi tabiiy. 18-20 yoshlardan boshlab esa sekin-asta oilada o'z o'rningiz shakllanib, sizning fikrlaringizga quloq tutiladi.
Ammo oilangizdan juda uzoqda bo'lib, yilda bir marta uchrashib tursangiz ota-onangiz sizni ehtiyotlashda va oiladagi muammolardan uzoqroqda ushlashda davom etadi. Bu esa ulg'ayib bo'lganingizdan keyin ham oilangizda ma'lum o'rningiz yo'q ekanini his qilishingizga sabab bo'lishi mumkin.
— Qadriyatlar, qarashlar va o'zlikni yo'qotib qo'yish
18-19 yosh shunday yoshki, unda insonning qadriyatlari (ko'p holatda) hali to'liq shakllanib ulgurmagan va bir vaqtning o'zida umuman yangisini shakllantirish uchun ancha kech bo'ladi.
Bu yoshda butunlay yangi muhit, qadriyatlar va madaniyat doirasiga tushib qolganingizda o'sha muhit bir qismi bo'lishga kuchli xohish va harakat paydo bo'ladi. O'rgangan barcha an'analaringiz esa ko'zingizga streotip bo'lib ko'rinishi mumkin. Lekin aytganimdek sizda allaqachon ma'lum qadriyatlar shakllangan va ularni boshqasi bilan tag-tugi bilan o'zgartirib yuborish imkonsiz (va xato).
Yakunda bu qarama-qarshilik esa ichingizda "Men o'zi kimman?" degan tugalmas savol paydo qilib qo'yish xavfi mavjud.
Yuqoridagi sabablar birlashib esa bakalavrni chetda o'qishni yakunda xato qarorga aylantirib qo'yishi ham mumkin.
Mavzu bo'yicha fikrlaringizni albatta izohlarda qoldiring!
#discussion #bachelors #study_abroad
@Musayev_blogi
BY Javohir Fikrlar
Share with your friend now:
tgoop.com/javokhir_notes/328
