tgoop.com/pulatov_kh/3261
Last Update:
So‘nggi paytlarda tez-tez eshityapmiz: o‘zbekistonliklarni BAAga kiritishmayapti, Turkiyada sababsiz chiqarib yuborishyapti, Janubiy Koreyada migrantlarimiz uchun kvotalar qisqartirilyapti. Lekin o‘zimizga bir nazar solaylik.
Chet elda o‘zimizni qanday tutamiz?
Janubiy Koreyada ishlash uchun borgan 80 ga yaqin o‘zbekistonlik shartnoma shartlarini buzib, o‘zboshimchalik bilan ish joyini tark etgan. Oqibatda ularning kafillari 2,3 milliard so‘mdan ortiq jarimaga tortildi. Bu o‘zbek ishchilarining obro‘siga putur yetkazdi va ishga joylashish kvotalarining qisqarishiga sabab bo‘ldi.
Turkiyada O‘zbekiston fuqarosi metroda ayolni ruxsatsiz suratga olgani uchun mamlakatdan chiqarib yuborildi. Uning harakati shaxsiy daxlsizlikni buzish deb baholandi.
BAAda 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi sovuq qurol ishlatib, ommaviy mushtlashuvda qatnashgani uchun qo‘lga olindi. Bu voqea o‘zbekistonliklar uchun viza rejimi joriy etilishi mumkinligi haqidagi muhokamaga sabab bo‘ldi.
Misrda ba’zi mehmonxonalar o‘zbekistonliklarning takror-takror nojo‘ya xatti-harakatlari tufayli ularni guruhlarga joylashtirishni rad eta boshladi. Shikoyatlarga shovqinli ziyofatlar, jamoat tartibini buzish va xodimlarga hurmatsizlik kiradi.
Bularning barchasi obro‘yimizning tushishiga hamda dam olish, ishlash va boshqa imkoniyatlarimizning cheklanishiga olib kelmoqda.
Aslida, hamma narsa vatandan boshlanadi.
Agar o‘z yurtimizdagi qoidalarga, odamlarga va tartibga hurmat ko‘rsatishni bilmasak, chet elda bizga nima uchun ishonch va hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari kerak?
Ko‘pincha hatto o‘z shaharlarimizda ham tartibni buzamiz, axlat tashlaymiz, qo‘pollik qilamiz, o‘zimizni odobsiz tutamiz – bularning barchasi biz bilan birga chet elga ketadi.
Chet elda duch keladigan muammolarimiz ko‘pincha uyda qiladigan xatti-harakatlarimizning bevosita davomidir.
Biz ko‘pincha davlatni bizga imkoniyat bermayotganlikda ayblaymiz. Ammo bunday imkoniyatlar paydo bo‘lganda, o‘z xulqimiz tufayli ularni boy beramiz. Mas’uliyatni boshqalarga yuklamoqni bas qilib, o‘zimizdan boshlash vaqti keldi.
Qonunlarga, madaniyatga va tartibga hurmat o’zimizdan boshlanishi kerak. Shundagina biz yurtimiz ichida ham, tashqarisida ham o‘zimizga bo‘lgan munosabatni o‘zgartira olamiz.
@pulatov_kh
BY АйPulatov
Share with your friend now:
tgoop.com/pulatov_kh/3261