tgoop.com/oriftolib/4456
Last Update:
Tadqiqotchilar uchun: sifatli ilmiy matn tayyorlash boʻyicha 7 ta tavsiya
1️⃣ “Miya tarjimoni”ni oʻchiring va oʻzbekcha fikrlang
Xorijiy manbalardan muntazam foydalanadigan kishilarda koʻpincha bir yomon odat shakllanadi: ular fikrni miyada chet tilining jumla tuzilishi bilan shakllantirib, keyin oʻzbekchaga soʻzma-soʻz oʻgiradi. Chet tilidan tarjima qilayotgan yoki matn mazmunini berayotganda oldin ogʻzaki shakllantirib, keyin yozishga oʻting. Bu “miya tarjimoni” izmiga tushib qolishdan asraydi.
2️⃣ Mashina tarjimasiga ishonib qolmang
Google Translate kabi mashina tarjimonlaridan soʻzning maʼnosini bilish yoki umumiy mazmunni tushunish uchun foydalaning. Tarjimasini toʻgʻridan toʻgʻri matningizga koʻchirmang. Boshqa bir muhim jihat: birovning ishini shunchaki tarjima qilib, oʻz nomingizdan taqdim etish koʻchirmachilikdir. Qaysidir manbadan foydalanganda unga albatta havola bering.
3️⃣ Matnni ovoz chiqarib oʻqing
Oddiy va samarali bu usul har qanday matnni, jumladan, ilmiy matnni qayta ishlashda ham qoʻl keladi. Matnni yozib boʻlgach, ovoz chiqarib oʻqing. Oʻqiyotganda qayerdadir qoqilsangiz yoki jumla qulogʻingizga gʻalati eshitilsa, oʻsha joyni qayta ishlang.
4️⃣ Sinonimlardan oʻrinli foydalaning
Ilmiy matn koʻpincha bir xil atamalarni takrorlashni talab qiladi. Lekin bir xil feʼl va sifatlar takrorlanaversa, matnning oʻqishliligi yoʻqoladi. Sinonimlar lugʻati va izohli lugʻat bilan ishlang, takrorlanayotgan soʻzlarga muqobil toping. Masalan, koʻrsatadi oʻrniga dalolat beradi, namoyon etadi, ifodalaydi, aks ettiradi, namoyon qiladi kabi sinonimlarini qoʻllash mumkin. Ammo ehtiyot boʻling: ilmiy atamalar oʻrnida sinonimlardan foydalanmang.
5️⃣ “Dam berish” usuli
Matnni yozib boʻlganingizdan soʻng darhol tahrirga oʻtirmang. Yozib boʻlingan bobni kamida bir kun, iloji boʻlsa, ikki-uch kunga tashlab qoʻying. Boshqa ish bilan shugʻullaning. Keyin yangi, toza koʻzqarash bilan oʻqisangiz, oldin sezilmagan xato va kamchiliklarni topasiz.
6️⃣ Matnning koʻrinishini oʻzgartirib oʻqing
Koʻpincha oʻzimiz yozgan matnga koʻzimiz oʻrganib qoladi, hatto yaqqol xatolarni ham sezmay qolamiz. Oʻz matningizga begona koʻz bilan qarash uchun uni odatdagidan boshqacha formatga keltiring. Matnning shriftini oʻzgartiring, qogʻozga chop etib oʻqing. Bu oddiy hiyla koʻzingiz oʻrganib qolgan xatolarni va gʻaliz jumlalarni topishga yordam beradi.
7️⃣ Savodingizni oshiring, xatolarni kamaytiring
Imloviy va ishoraviy xatolar oʻquvchi koʻziga eng oson tashlanadigan, saviya haqida salbiy taassurot uygʻotadigan jihatdir. Savodni oshirish harakatida boʻling. tilmoch.ai, savodxon.uz kabi onlayn vositalardan foydalaning. Punktuatsiyani oʻrganing. Matningizning shrifti, abzaslari, intervali, sahifa raqamlari bir xil standartda boʻlsin. Adabiyotlar roʻyxatini belgilangan talab boʻyicha toʻgʻri rasmiylashtiring.
#Soʻragan_edingiz
Doktorant va mustaqil izlanuvchilarga yuborib qoʻying.
👉 Toʻliq oʻqish
@oriftolib | Boshqa sahifalarimiz
BY Orif Tolib

Share with your friend now:
tgoop.com/oriftolib/4456