tgoop.com/minstroyuz/32410
Last Update:
#RASMIY_MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan uy-joylarni renovatsiya qilish loyihalari hamda bosh reja bilan bog‘liq mavzudagi tanqidiy maqola yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Joriy yilning 8-iyul kuni ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Spot.uz sayti muxbirining Renovatsiya loyihalari kechikayotgani bo‘yicha bergan savoliga javoban vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi” qonun loyihasi tegishli tashkilot vakillari bilan chuqur tahlil qilingan holda takomillashtirilayotgani, unda avvalo aholi manfaati ta’minlanayotganini ma’lum qildi.
Vazir o‘rinbosari loyiha bevosita mulkdorlar bilan bog‘liq munosabatlar asosida amalga oshirilishi, shu bois bunda har bir jihat inobatga olinishiga urg‘u berar ekan, hozirda uchrayotgan ba’zi holatlarga ham to‘xtalib o‘tgan.
- Mazkur qonun loyihasi fuqarolar va davlat manfaatlarini hisobga olgan holda chuqur tahlil qilinmoqda,— deya fikr bildirgan Ozoda Jo‘rayeva.
Ta’kidlash lozimki, vazir o‘rinbosarining so‘zlarida mulkdorlarning talablarini noto‘g‘ri deb hisoblash, ularning huquqlarini mensimaslik holati mavjud emas. Shu bois muallifning mulkdorlar huquqlariga daxl qilinayotgani kabi fikrlarini asossiz, deb hisoblaymiz.
Spot.uz maqolasida keltirilgan Toshkent shahar bosh rejasi bilan bog‘liq masala ham Effekt Makarenko telegram kanalida e’lon qilingan postga mos kelmasligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Maqolada vazirlik mutaxassisi har qanday qurilish ishlariga bosh rejadan chiqmagan holda ruxsat berilishini ta’kidlab, unda yerning seysmologik va zilzilabardoshlilik jihati alohida e’tiborga olinganini qayd etgan. Shuningdek, jurnalist tomonidan berilgan savolga javoban bosh reja takomillashib borilishini bildirgan.
Vazirlik axborot xizmati jamoatchilik vakillari uchun doimo ochiq va hamkorlikka tayyorligini bildiradi.
Rasmiy sahifalarimizga a'zo bo'ling
|