tgoop.com/hasankhojaBlog/1744
Last Update:
Manimcha…
Kechagi buyuk g‘alaba ortidan, bir tadbirkor akamiz darvozabonga uch xonali, to‘liq sharoitli uy sovg‘a qilgani, yana bir restoran tarmog‘i egasi esa jamoa a’zolari uchun umrboqiy bepul xizmat yo‘lga qo‘ygani haqida eshitdik.
Avvalo, bu kabi sahovatli ishlari uchun u zotlarga samimiy tashakkur aytamiz. Alloh niyatlariga yarasha baraka bersin. Bu saxiylik, albatta, kechagi g‘alabaning berayotgan ijobiy tuyg‘ulari bilan chambarchas bog‘liq.
Ehtimol, biz ham u darajadagi tadbirkor bo‘lsak, shunga o‘xshash hadyalarni bajarar edik. Lekin voqelikka sal sovuqroq, hushyorroq nazar tashlansa, boshqa — yanada foydaliroq, ta’sirliroq yo‘l ham ko‘zga tashlanadi.
Axir, ehsonning mohiyati shundaki — u insonni “ekonom”dan “komfort”ga olib chiqmog‘i lozim. “Komfort”dagini esa “komfort+” darajaga ko‘tarish emas.
Masalan:
• Ko‘p yillardan beri 3-4 aka-uka bilan bir uyda yashayotgan, turmush qurishga sharoiti yo‘q yigitga yordam ko‘rsatish.
• Otasiz qolib, ko‘chada qiyinchilikda yashayotgan yetim bolaga boshpana ulashish.
• Umrini ilmga bag‘ishlab, haligacha ijarada kun kechirayotgan halol ustozni quvontirish.
Bu — yanada manfaatli, mantiqli va yurakka yaqin bo‘lgan ishdir.
Xuddi shuningdek, bir kunlik bepul ovqatni yeb, tunlari och yotayotgan kishiga muntazam taom yetkazib berish ham ana shu mezonga yaqin bo‘lur edi.
Albatta, tadbirkor akalarimiz bu kabi savobli ishlarni yashirin holatda allaqachon qilayotgan bo‘lishlari ham mumkin. Ammo shuni unutmaslik kerakki, muhtoj inson turib, imkonli kishiga ehson qilish — gohida “ikki to‘g‘ri ish orasida to‘g‘rirog‘ini tanlay olmaslik” bo‘lib chiqadi.
Bu gapimdan noto‘g‘ri ma’no chiqmasin. Na hasad, na e’tiroz — faqat bir iltimos: ehson qilganda haqiqiy muhtojni izlab topish, yaxshilikni to‘g‘ri yo‘l bilan manziliga yetkazish ham katta ilm, katta tafakkur va yurak ishidir.
Ertaga shogirdlarimiz ichidan ham sahiy, himmatli insonlar chiqadi, inshaAlloh. Ana shunda ular savobni eng haqligacha yetkazish mas’uliyatini unutmasin degan niyat bilan yozdim.
BY Hasankhoja Muhammad Sodiq
Share with your friend now:
tgoop.com/hasankhojaBlog/1744