tgoop.com/hasankhojaBlog/1731
Last Update:
To'g'ri savol berish ham san’at
Maktabimizda ko‘p ustozlarni, mehmonlarni suhbatga taklif qilamiz.
Bunday uchrashuvlardan bolajonlar ko‘p foyda olishadi.
Ayniqsa, savol-javob qismi eng muhim qism hisoblanadi.
Shuning uchun biz o‘quvchilarga savol berish madaniyatini o‘rgatamiz. Quyidagi tavsiyalar sinovdan o‘tgan — sizlar bilan ham ulashamiz:
1. Foydasiz mavzular – foydasiz savollar
Savol bermoqchi bo‘lsang, avval o‘zingdan so‘ra:
“Bu savol menga va boshqalarga nima beradi?”
❌ “Messimi zo‘r yoki Ronaldomi?” – bu suhbatni chuqurlashtirmaydi.
✅ “Siz yoshlikda sportni qanday hayotingizga qo‘shgansiz?” – bu esa shaxsiy tajribaga ochadi.
2. Umumiy emas, aniq savol ber
Savol noaniq bo‘lsa, javob ham umumiy bo‘ladi.
Savolingni xos va konkret qil:
❌ “Siz uchun eng yaxshi ish nima?”
✅ “Siz talabalik davrida aynan qaysi qobiliyatingiz eng ko‘p yordam bergan?”
3. Fikrni emas, tajribani so‘ra
Ko‘pchilik:
“Siz qanday o‘ylaysiz?” deb so‘raydi.
Lekin bu fikr o‘ziga emas, eshitgan narsasiga tayanishi mumkin.
❌ “Turmush o‘rtoq qanday tanlanadi?”
✅ “Siz turmush o‘rtoqingizni tanlayotganda aynan nimalar sizni ishontirgan edi?”
❌ “Kitobni qanday o‘qish kerak?”
✅ “Siz biror kitobni o‘qigach hayotingizda nima o‘zgargan edi?”
4. Muvaffaqiyatdan ko‘ra xato qimmatliroq
Odatda faqat yutuqlar so‘raladi.
Lekin xatolar – insonni ochadigan eng kuchli darslardir.
“Siz hayotingizda eng ko‘p afsuslangan xatongiz nima bo‘lgan?”
“O‘sha xatodan qanday xulosa chiqargansiz?”
Bu savollar mehmonni samimiylikka undaydi.
Tinglovchilar esa saboq oladi.
Yana savol berishning 3 muhim odobi ham bor:
1. Savol berayotganingizda ko‘zingizni olib qochmang.
Bu ishonch belgisidir.
2. Savoldan keyin jim turing.
To‘ldirmang, izohlamang. Javob olishingiz uchun tinglash shart.
3. Suhbatdoshning gapini bo‘lmang.
Hatto savol tug‘ilsa ham, avval aytganini tugatsin.
Imom Molik shogirdlariga:
“Agar savoling adab bilan bo‘lsa, javob qalbdan chiqadi,” der edilar.
Xulosa:
– To‘g‘ri savol — qalbni ochadi.
– Adabli savol — ustozni ochadi.
– Xos savol — bilimni ochadi.
BY Hasankhoja Muhammad Sodiq
Share with your friend now:
tgoop.com/hasankhojaBlog/1731