tgoop.com/hasankhojaBlog/1589
Last Update:
Go’zal xotima
Bir kishi Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bilan Arafotda turgan edi. U ulovidan yiqilib tushib bo‘yni sinib vafot etdi. Nabiy sallollohu alayhi va sallam: “Uni suv va sidr bilan yuvinglar. Ikkita kiyimda kafanlanglar. Unga xushbo‘ylik ishlatmanglar, boshini yopmanglar. U qiyomat kuni labbayka aytib tiriladi!”, dedilar.
Har zamon-har zamonda “falonchi sajdada vafot qilibdi”, “pistonchi ro‘za holida vafot qilibdi”, “falonchi faqirga sadaqa berayotib jon beribdi”, degan gaplarni eshitib qolamiz. Bu ishlar tasodif emas. Bu ishlar xizmatning nihoyasidagi mukofot. Kim qanday va nima asosida yashasa shu asosga ko‘ra o‘ladi.
Ammo bilishimiz lozimki, go‘zal xotima degani faqatgina insonning sajdada vafot qilishi yoki ro‘za tutgan holda o‘lishi, sadaqa berayotib o‘lishi yoki hajda o‘lishi emas. Go‘zal xotima bu o‘lim kelganida namozlarni tark qilgan holatda bo‘lmasliging, ro‘zadan qazolaring bo‘lmasligi, sadaqa va zakotlardan baxillik qilmagan bo‘lishing, qodir bo‘laturib hajni ortga surib yurgan bo‘lmasligingdir. Demak, Allohning amrini qoim qilib turgan holida vafot etgan kishining xotimasi go‘zal hisoblanadi.
Go‘zal xotima bu, o‘lim kelganida gardaningda birovning haqqi bo‘lmasligi, aka-ukalaring merosini egallab olmagan bo‘lishing, insonlarni obro‘siga tajovuz qilmagan holda bo‘lishing, g‘iybat bilan ularning go‘shtini yemagan bo‘lishingdir!
Go‘zal xotima bu, o‘lim kelganida qo‘shnilaring sening javringdan omonda bo‘lishlari, tengdoshlaringga qalbing va tiling bilan yumshoq muomalada bo‘lishing, ota-onangga xorlik qanotlarini past qilgan holatda bo‘lishing, qarindoshlaring bilan silai-rahmni uzmagan holda bo‘lishing, xotining bilan go‘zal muomalada bo‘lishing, farzandlaringni diyonatidan tashvishda bo‘lishing, ustozingni rozilik duosini olingdadir!
Go‘zal xotima bu, qanday o‘lishing emas, qanday yashashingdir.
Abu Bakr roziyollohu anhu to‘shakda vafot etdilar. Ammo u zot go‘zal xotima topdilar.
Umar roziyollohu anhuni chavaqlashdi. Ammo u zot go‘zal xotima topdilar.
Usmon roziyollohu anhuni so‘yishdi. Ammo u zot go‘zal xotima topdilar.
Ali roziyollohu anhuga xanjar suqishdi. Ammo u zot go‘zal xotimaga erishdilar.
Abu Ubayda roziyollohu anhu vabodan vafot etdilar. Ammo u kishi go‘zal xotima topdilar.
Xolid ibn Valid roziyollohu anhu yuzlab janglarda ishtirok qildilar. Lekin to‘shakda vafot etdilar. Ammo go‘zal xotima topdilar.
Go‘zal xotima bu, faqatgina Alloh yo‘lida o‘lish emas, balki Alloh yo‘lida yashash hamdir!
Avtohalokatda vafot etgan kishi ehtimol tasbih aytib ketayotgandir. Infarkt bilan o‘lgan kishi o‘sha onda faqirga sadaqa olib borayotgandir.
Biz insonlarni jannatga va do‘zaxga taqsimlashga mas’ul emasmiz.
Allohdan go‘zal xotima so‘raylik!
BY Hasankhoja Muhammad Sodiq
Share with your friend now:
tgoop.com/hasankhojaBlog/1589