tgoop.com/hasankhojaBlog/1539
Last Update:
EHTIMOL
Abu Muso Ash’ariy roziyollohu anhuning vafot qilish vaqti yaqinlashgach farzandlariga shunday dedi:
“Ey bolalarim! Non sohibini yodingizdan chiqarmang. U yetmish yil ibodatxonasida ibodat bilan mashg‘ul bo‘ldi. Yilda bir marta insonlarning oldiga tushar edi. Shayton uning ko‘ziga bir ayolni ziynatlab ko‘rsatdi. Yetti kun o‘sha ayol bilan harom ish qildi. So‘ngra obidligi va ibodatxonasi yodiga tushdi. U shahardan chiqib tavba qildi. Ozgina yurib sajda qilar, Allohga zorlanar edi. Kechasi bir joyga yetib bordi. U yerda o‘n ikkita miskin bor edi. U juda ham qattiq charchagan edi. O‘sha kecha miskinlar orasida tunadi. O‘sha yerdagi bir rohib har kecha miskinlar holidan xabar olar, ularning har biriga bittadan non ulashar edi. Rohib tavba qilgan kishini ham miskinlardan biri deb o‘ylab unga ham bitta non berdi. Uning sababidan miskinlardan biri nonsiz qoldi. Non olmagan miskin rohibga dedi:
-Nega menga non bermading?
-Men sening noningni olib qolganim yo‘q. Sheriklaringdan so‘ra, balki birortasiga ikkita non berib yuborgandirman?!
Ular:
- Biz olmadik, deyishdi.
Rohib dedi:
-Men sizning adadingiz miqdoricha non olib kelgan edim!
Shunda tavba qilgan kishi olgan nonini miskinga qaytarib berdi. O‘sha kecha tavba qilgan kishi vafot etdi. Uning yetmish yillik ibodati zino qilgan kechalari bilan mezonda tortildi. Zino qilgan kechalari og‘ir keldi. So‘ngra zino qilgan kechalari miskinga qaytargan noni bilan mezonga qo‘yildi. Non og‘ir keldi!
Abu Muso roziyollohu anhu dedi: “Non sohibini yodingizdan chiqarmang!”.
Allohga eng maqbul amallardan biri ko‘ngil olish, birovlarning hojatini chiqarish, obro‘sini saqlash, xatosini kechirishdir. Bu ishlarni zero Robbimiz yaxshi ko‘radi. Kim bu kabi ishlarni qilsa Alloh undan rozi bo‘ladi va rozi qiladi. Garchi buyuklarga o‘xshashning o‘zi najot bo‘lsada, kishining Allohning bandalariga qilayotgan ezguligini muroqaba qilishi, o‘sha ezgulik kabi ezgulikni qilishga urinishi najotning boshidir!
Biz ertaga mezonda qaysi amalimiz tosh bosishini, qaysi biri to‘zon kabi sochilib ketishini bilmaymiz.
Ehtimol dorisini sotib olishga pul topa olmayotgan bemorga hech kimga ko‘rsatmasdan, yashirincha sotib olib bergan bir necha quti dorimiz mezonda barcha gunohimizdan og‘ir kelar!
Ehtimol erta qiyomat kuni Alloh sizning qarzingizni uzishi uchun, dunyoda qarzga botib qolgan bir bandaning qarzini uzishga yordamlashishingiz sizga kengligi yeru-osmonlarcha bo‘lgan jannatni sotib olib berar!
Qayerdan bilasiz, ehtimol qiyomat kuni Alloh sizni xalq oldida sharmanda qilmasligi uchun dunyoda birovning aybini yashirganingiz sizga u kunda istaganingizni berar va gardaningizni do‘zaxdan ozod qilar!
Ehtimol ishxonangizdagi oddiy bir ishchiga salom berishingiz...
Qobilyatli bolani ta’limiga homiylik qilishingiz...
Ko‘chalarni tozalaydigan farroshlarga kulib qarashingiz...
Ko‘chalarda ozgina narsani sotib o‘tirgan miskin bir sotuvchida ozgina pulingiz qolib ketganini bilmaganga olishingiz...
Va bu ishlarni ularning ko‘nglini olish uchun qilishngiz qiyomatda Alloh sizni xursand qilishiga va farishtalariga: “Bu bandam Men haqimda yaxshi gumonda bo‘ldi, uni jannatga kiritinglar!”, deyishiga sabab bo‘lar!
Qayerdan bilasiz, ehtimol kishilarga Allohni suydirish uchun bir gunohkorga lutf ila nasihat qilganingiz, ochiq yurgan ayolga odob bilan va’z qilganingiz, adashgan bir insonni go‘zal uslub bilan to‘g‘ri yo‘lga solib yuborganingiz Allohning sizga muhabbat qilishiga sabab bo‘lar!
Alloh sevgan insonlar naqadar baxtli insonlardir!
BY Hasankhoja Muhammad Sodiq
Share with your friend now:
tgoop.com/hasankhojaBlog/1539