tgoop.com/hasankhojaBlog/1534
Last Update:
O’zingni bil…
Borliqqa nisbatan yer sayyorasi okeandagi bir tomchi suvchalik ham emas. Shunday bo‘lsada ana shu kichkina sayyoradagi bir bo‘kkan odamcha kishilarga: "Men sizning oliy robbingizman!", degan edi. Muhimi shuki, ana shu "men sizning robbingizman" degan odamchani bizning oliy Robbimiz dengizning sho‘r suviga bo‘ktirdi. So‘ngra uni insonlarga ibrat bo‘lishi uchun o‘chib qolgan jasad holida qirg‘oqqa uloqtirdi. Allohning biz bandalariga ibrati ko‘p. Ammo undan ibratlanadigan bandalari oz. Hali ham ba’zilar o‘zlarini borliqning markazi deb o‘ylashadi. Hamma go‘yo ularning atrofidan aylanishi shart.
Ulardan bo‘lib qolmaslik uchun doimo quyidagilarni ko‘z o‘ngimizda qo‘yishimiz lozim:
1. Muhabbatga erishmoqchi bo‘lsak uni avvalo o‘zimiz boshqalarga taqdim qilishimiz kerak.
Muhabbatni his qilishimiz uchun uni avvalo o‘zimiz boshqalarga his qildirishimiz lozim. O‘rog‘ing va boshqa asboblaringni ko‘tarib bir dona don tashlamagan, o‘zing ekmagan dalaga borib uyingga ko‘p hosil bilan qaytish uchun uni yig‘ishtirgani borishing ahmoqlikdir. Hosilni yig‘ishtirish uchun avvalo uni ekish kerak.
2. Insonlar doimiy o‘zgarib turadilar.
Oldingi o‘lchovlaring o‘zingniki, ularniki emas.
Sen mohir tikuvchi bo‘lgin. Sen bugun oldingi yildagi kabi emassan. Boshqalarni ham oldingidek deb o‘ylama!
3. Osmondan tushgan vahiyga yer yuzidagi ko‘pchilik unamadi. Vaholanki, u vahiy edi. Shunday ekan, ulardan sen har-bir gapingga qarsak chalishlarini kutma. Fikrlaring qanchalar to‘g‘ri bo‘lmasin, boshqalarning fikrini qabul qilmaganingni esla. Aslida ularning fikri to‘g‘ri bo‘lishi mumkin edi. O‘zing voz kecha olmaydigan haqlarni boshqalardan ham o‘zlashtirma.
4. Sen yurish uchun tanlagan yo‘ling bu sening yo‘lingdir. Bu sayyoradagi hech bir inson sen yurgan yo‘ldan yurishi talab qilinmaydi. To‘g‘ri, inson boshqalar haqida chiroyli gumon qilishi kerak. Ammo chiroyli gumon qilish boshqa narsa, insonlarni chiroyli gumoning ostiga kirishga majburlash boshqa narsa. Odamlarni o‘z qolipingga solishga urinma. Yer yuzida xuddi yolg‘izdek yur.
5. Ibn Xoldun rohimahulloh aytadi:
"Agar ta’m bilish turlicha bo‘lmaganida edi mol buzilar edi!".
Sen uchun muhim bo‘lgan narsalar boshqa shaxslar uchun ahamiyatsiz bo‘lishi mumkin. Ular uchun muhim bo‘lgan narsalar esa sen uchun ahamiyatsiz bo‘lishi ham mumkin.
O‘zgalar hayoti ularning shaxsiy mulkidir. Ularni qo‘y, o‘zlari bilgandek yashashsin. Turlicha bo‘lish bu hayotning asosiy qismidir. Bunga o‘zingni moslashtir. Hech narsa hayotga chetdan kelgan emas.
6. Insonlar gohida o‘zlarini tushunishmaydi. Seni qayerdan ham tushunishsin?!
7. Sen suratning bir tomonini ko‘ra olasan. Holbuki, suratning boshqa tomoni ham bor. Ularni sen aniq ko‘ra olmaysan. Xuddi hamma narsani ko‘radigandek qaror chiqarma. Yoshligimda ota-onamga havas qilib: "Ularga mazza! Hech kim ularga ish buyurmaydi!", deb o‘ylar edim. Ota bo‘lganimdan so‘ng farzand bo‘lib qolaverish qanchalar oson ekanligini angladim. Ota bo‘lish qiyin ekan.
O‘quvchilik paytimda: "Muallimlarga mazza. Dars qilmaydi, yodlamaydi. Darsini sharhlab chiqib ketaveradi!", der edim. Katta bo‘lib o‘quvchi bo‘lish mazza ekanligini angladim.
8. Odamlarning aqli turlicha. Sen osongina tushunadigan narsani boshqalar qiyinchilik bilan tushunishadi. Boshqalar osonlik bilan tushungan narsani sen urinib ham tushuna olmasliging mumkin.
Shuning uchun ham Maykrosoftning egasi Bill Geytsdir, sen emassan!
9. Agar sen bir ishga qodir bo‘lsang, bu degani boshqalar ham bunga qodir degani emas. Futbolchilar to‘qson daqiqa maydonda yugurishadi. Sen bilan men esa yarim soatda bo‘larimiz bo‘ladi. Bordiyu sen bunga qodir bo‘lsang aniqki, yer yuzining yuzdan to‘qsoni bunga qodir emas.
10.Suhbatimiz boshida senga aytdimki, baxtli bo‘lmoqchi bo‘lsang eng avvalo baxtni boshqalarga taqdim qil.
Yaxshi, endi eshit:
"Hamma vaqt ham boshqalardan o‘zing qilgan muomalang kabi muomalani kutma!".
(Ustozlardan)
BY Hasankhoja Muhammad Sodiq
Share with your friend now:
tgoop.com/hasankhojaBlog/1534