tgoop.com/DrAlgorithm/899
Create:
Last Update:
Last Update:
BASIC No.1 - Birinchi dasturlash tili
Bugun Microsoft biz kabi ko‘plab "faxriy" dasturchilar uchun kutilmagan sovg‘a qildi: bir vaqtlar dasturlash olamiga kirishimizga sababchi bo‘lgan GW-Basic dasturlash tilining kodini ochiq (open source) qilib e’lon qildi. Bu yangilik meni uzoq o‘tmishga, dasturlashdagi ilk qadamlarimga qaytardi.
Nostalgiya: Qora ekran va cheksiz ishtiyoq
Mening birinchi dasturlash tilim – BASIC edi. Hali Windows nimaligini bilmagan davrlarda, Pravets va Sagdiana kabi kompyuterlarning qora ekranida ilk kodlarimni yozganman. Intel kompyuterida esa birinchi ishlatgan IDE’m o‘sha mashhur GW-Basic bo‘lgan.
O‘sha davrlarni hozir kulib eslayman.
Bir hafta davomida uyda daftarga kod yozib tayyorlanardim. Keyin informatika darsida 30 daqiqa ichida o‘sha kodni kompyuterga terib, xatolarini to‘g‘rilab, qolgan 15 daqiqada o‘zim yaratgan o‘yinni o‘ynashga ulgurardim.
Bu misli ko‘rilmagan zavq edi!
10-sinfda o‘qib yurganimda GW-Basic’da Kutubxona uchun dastur yozganim esimda. Kitoblar katalogi, qidiruv tizimi, menyular... Bularning barchasini noldan yaratish kerak edi. Chunki u paytlarda tayyor ma’lumotlar bazasi (Database), menyu komponentlari kabi qulayliklar yo‘q edi. Hatto sichqonchaning harakatini ham o‘zingiz kodlashingiz kerak edi. Bu hozirgi "framework"lar davrida tasavvur qilish qiyin bo‘lgan mehnat, ammo ayni paytda cheksiz erkinlik va ishtiyoq edi.
Qiziqarli tarixiy faktlar:
* GW-Basic kodini Bill Gates va Paul Allen 1975-yilda yoza boshlagan va bu Microsoft’ning ilk mahsulotlaridan biri bo‘lgan.
* Dastur atigi 8-bitli protsessorlarda ishlagan. Hozir esa 64-bit davri!
* 1977-yili Commodore kompaniyasi Basic litsenziyasini $25,000ga sotib olib, o‘z kompyuterlariga o‘rnatgan. Kompyuter yoqilganda operatsion tizim emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri BASIC muhiti ishga tushgan. Bu esa Microsoft uchun millionlab yangi dasturchilarning yetishib chiqishiga zamin yaratgan.
Ammo texnologiya bir joyda turmaydi. GW-Basic bilan boshlangan safarim vaqt o‘tishi bilan Pascal, Delphi, C++, Assembler, PHP, Java, Kotlin, Python kabi yangi bekatlarga ulanib ketdi. Har bir til va texnologiya yangi ufqlarni ochdi.
Bu yo‘l menga eng asosiy qoidalardan birini o‘rgatdi:
Birinchi o‘rgangan dasturlash tilingizni sevishingiz, u bilan faxrlanishingiz mumkin. Lekin hech qachon bir joyda to‘xtab qolmang. Kamida har ikki yilda bir marta yangi til yoki yangi texnologiyani o‘rganing.
Doim ilm-fan trendida bo‘lish – bu professional o‘sishning eng muhim shartidir.
Izohlarda o‘z hikoyangiz bilan bo‘lishing.
Dam olish kunlaringiz maroqli o‘tsin!
06.09.2025 London
@DrAlgorithm